13 yoshdan kichik (yoki mamlakatingizda belgilangan muayyan yosh) farzandi bor ota-onalar uchun axborot – Family Link

13 yoshdan kichik (yoki mamlakatingizda belgilangan muayyan yoshdagi) bolalarning Family Link orqali boshqariladigan Google hisoblari yoki profillariga oid Maxfiylik eslatmasi bilan tanishib chiqing

Ota-onalar, xush kelibsiz!

Google uchun ishonchingizni har doim oqlab borish asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Shu sababli, farzandingiz oʻz Google hisobiga ega boʻlishiga ruxsat berish siz uchun oddiy qaror emasligini tushunamiz. Bu borada batafsil axborot olish uchun quyidagi muhim axborot bilan tanishib chiqing.

Farzandingiz Google hisobi

Farzandingiz Google hisobidagi imkoniyatlar siznikidan farq qilmaydi va u shaxsiy hisobi orqali Google mahsulotlari va xizmatlari, jumladan, bolalar uchun moʻljallanmagan xizmatlarga kira oladi. Farzandingiz shaxsiy Google hisobi orqali quyidagilarni bajara oladi:

  • Google Assistent, Chrome, Qidiruv va boshqa generativ AI funksiyalari yordamida savollar berish, internetga kirish va qidirish;

  • Gmail, SMS, video, ovozli xabar va boshqa muloqot vositalari orqali boshqa foydalanuvchilar bilan muloqot qilish;

  • Ilova, oʻyin, musiqa, film va boshqa kontentni yuklab yoki sotib olish

  • Surat, video, taqdimot, hujjat va boshqa kontentni koʻrish; yaratish va ulashish;

  • Google Fit xizmatida salomatlikni hamda faollik darajasi va yurak urishi kabi fitnesga oid axborotni kuzatib borish (farzandingiz qurilmasiga qarab)

  • Google xizmatlaridan foydalanayotganda kontektstli reklamalarni koʻrish.

Family Link va ota-ona nazorati

Google Family Link ilovasi farzandingiz saytlarni onlayn kezishida u uchun tartib-qoidalarni belgilash imkonini beradi. Farzandingiz u va yana toʻrt nafar oila aʼzosi bilan Google xizmatlarini baham koʻrishingiz mumkin boʻlgan Google oilaviy guruhingiz bir qismiga aylanadi. Farzandingiz hisobini nazorat qilishga yordam berishi uchun guruhingizga keyinroq yana ota-ona kiritishingiz mumkin. Ota-ona Family Link orqali quyidagilarni bajara oladi:

  • Farzandingiz Android yoki ChromeOS qurilmasi uchun foydalanish vaqtini belgilash;

  • Faol va tizimga kirilgan farzandingiz Android qurilmasining joylashuvini aniqlash;

  • Farzandingizning Google Play Marketda qilgan xaridlari va yuklanmalarini tasdiqlash hamda voyaga yetganlar uchun mos kontentlar namoyishini cheklash;

  • Farzandingiz Google hisobiga saqlanadigan faolliklar turini tanlashga yordam berish (xizmatlar undagi axborot asosida u uchun moslanadi);

  • Google Qidiruv uchun Xavfsiz qidiruv sozlamalarini boshqarish;

  • Farzandning Android yoki ChromeOS qurilmasida mikrofon, kamera va kontaktlarga kirish ruxsatlarini tekshirish;

  • YouTube va YouTube Kids uchun kontent, ruxsat va boshqa sozlamalarni oʻzgartirish.

Family Link ota-ona nazorati farzandingiz qurilmasidagi faoliyatni nazorat qilish va boshqarishga yordam beradi. Lekin, muayyan cheklovlar mavjud:

  • Family Link ota-ona nazoratining aksariyati veb orqali boshqarilsada, foydalanish vaqtini cheklash kabi ayrim funksiyalarni boshqarish uchun sizga Android yoki iOS tizimida Family Link ilovasi kerak boʻladi.

  • Xavfsiz qidiruv, Chrome veb-sayt cheklovlari va Play Market filtrlari nomaqbul kontentga kirishni cheklashi mumkin, lekin ular mukammal emas. Generativ AI funksiyalari narsalarni oʻylab topishi yoki savollarni xato tushunishi mumkin, shuning uchun farzandingizga maʼlumotlarni ishonchli manbalardan tekshirishni eslatishingiz mumkin. Bu funksiyalar yoqilgan bo‘lishiga qaramasdan farzandingiz nomaqbul kontentga duch kelishi mumkin.

  • Farzandingiz avvalroq tasdiqlangan ilova yoki kontentni qayta yuklab olishi, ilova yangilanishini oʻrnatishi (yangilanish kontent kiritsa, qoʻshimcha maʼlumot yoki ruxsat talab qilsa ham) yoki Google Play oilaviy kutubxonangizdan umumiy kontentni yuklab olishi uchun sizdan ruxsat olishi shart emas.

  • Ayrim Family Link funksiyalaridan foydalanish uchun muayyan sozlamalarni yoqish va boshqa talablarga javob berish lozim. Masalan, farzandingiz ilovalarini bloklash uchun u mos Android yoki ChromeOS qurilmasida Google hisobiga kirgan boʻlishi, uning qurilmasi joylashuvini Family Link ilovasi orqali aniqlash uchun Android qurilmasi yoqilgan va internetga ulangan boʻlishi lozim.

Farzandingiz 13 yoshga kirgandan keyin (yosh mamlakatlarga qarab farq qiladi) ular nazoratingizsiz oʻz hisoblarini mustaqil boshqarishi mumkin.

Boshqalarni hurmat qiling

Aksariyat xizmatlarimiz farzandingizga boshqa foydalanuvchilar bilan muloqot qilish imkonini beradi. Biz barcha uchun har doim doʻstona muhitni saqlab borishga intilamiz. Bu degani farzandingiz oʻzini tutish qoidalariga rioya qilishi kerak, jumladan, boshqalarni yoki oʻzini haqorat qilmaslik yoki zarar yetkazmaslik (yoki shunday qilishga tahdid qilish yoki undash) — masalan, xizmatlarimizdan foydalanayotganda boshqalarni chalgʻitish, tuhmat, ozor berish, shilqimlik, poylash yoki nafratli kontentni (jumladan, odamlarning ijtimoiy kelib chiqishi, irqi, dini, jinsi, jinsiy munosabati va hokazolarni tilga oluvchi nafrat yoki diskriminatsiyali kontent) ochiq tarqatmasligi kerak. Farzandingiz kamsituvchi yoki nafrat uygʻotuvchi kontent joylasa (video yoki sharh koʻrinishida), siz va u fuqarolik yoki jinoiy javobgarlikka tortilishingiz mumkin.

Farzandingiz maxfiyligi

Farzandingiz oʻzining Google hisobi yoki profiliga ega boʻlishi uchun ushbu Maxfiylik eslatmasi va Google Maxfiylik siyosatida tavsiflanganidek, farzandingiz haqidagi maʼlumotlarni toʻplash, ishlatish yoki oshkor qilish uchun sizning ruxsatingiz kerak boʻlishi mumkin. Farzandingizga xizmatlarimizdan foydalanishiga ruxsat bersangiz, siz va farzandingiz bizga maʼlumotlaringizni ishonib topshirasiz. Bu katta masʼuliyatligini tushunamiz va axborotlaringizni muhofaza qilish uchun barcha kuchimizni ishga solamiz hamda buni nazorat qilishingizga imkon beramiz. Farzandingiz Veb va ilovalardagi faoliyat tarixi va YouTube tarixi hamda tegishli hududlarda ayrim Google xizmatlarini ulash kabi harakatlarni kuzatish sozlamalarini boshqarish mumkinligini tanlashingiz mumkin.

13 yoshdan kichik (yoki mamlakatingizda belgilangan yosh) bolalar uchun Family Link orqali boshqariladigan Google hisoblari va profillari uchun ushbu Maxfiylik eslatmasi va Google maxfiylik siyosati Google maxfiylik amaliyotlarini tushuntiradi. Bu Maxfiylik eslatmasida farzandingiz hisobi yoki profiliga nisbatan tatbiq etiladigan mos maxfiylik usullari, masalan, moslangan reklamalar namoyishiga cheklov oʻrnatishdagi farqlar haqida maʼlumot berilgan.

Bu Maxfiylik eslatmasi shartlari Google kompaniyasiga aloqador boʻlmagan yuridik va jismoniy shaxslarning ilovalari, harakatlari yoki veb-saytlariga nisbatan amal qilmaydi. Bunday ilovalar, harakatlar yoki veb-saytlar farzandingiz uchun mos kelishi, ular orqali qaysi axborot to‘planishi va nima maqsadda ishlatilishi haqida bilib olish uchun ularda amal qiladigan shartlar bilan tanishib chiqing.

Biz oladigan axborotlar

Farzandingizning shaxsiy hisobi yoki profilini mustaqil boshqarishiga ruxsat bersangiz, undan siznikidagi kabi axborotlar olinadi. Masalan, quyidagi axborotlar olinadi:

Hisob yaratishda siz yoki farzandingiz taqdim etgan shaxsiy axborotlar.

Farzandingiz uchun Google hisobi yoki profili yaratganingizda uning ismi va familiyasi, email manzili va tavallud sanasi kabi shaxsiy axborotlari soʻraladi. Siz yoki farzandingiz taqdim etgan axborotlar, masalan, onlayn aloqa maʼlumotlaringiz ham olinadi va kerakli paytda siz bilan aloqaga chiqishimiz uchun ishlatiladi. Bundan tashqari, farzandingiz oʻz hisobi yoki profili orqali yaratgan, yuklagan yoki boshqa foydalanuvchilardan qabul qilgan kontenti, jumladan, Google Photos xizmatiga saqlagan rasmi va Google Drive orqali yaratgan hujjatiga oid axborot olinadi.

Farzandingiz xizmatlarimizdan foydalanganida olinadigan axborotlar.

Farzandingiz foydalangan xizmatlar va ulardan qanday foydalangani haqidagi axborot, masalan, u Google Qidiruv yoki Gemini orqali qidirgan narsasi, Google Assistent bilan suhbati yoki YouTube Kids xizmatida tomosha qilgan videosiga oid muayyan axborot avtomatik olinadi va saqlanadi. Bu axborotga quyidagilar kiradi:

  • Farzandingizning ilovalari, brauzerlari va qurilmalari

    Farzandingiz Google xizmatlariga kirish uchun foydalangan ilova, brauzer va qurilmalar, jumladan, maxsus identifikator, brauzer turi va qurilma sozlamalari, operatsion tizim, uyali tarmoq (bundan tashqari, operator nomi va telefon raqami) va ilova versiyasi raqami haqidagi axborot olinadi. Farzandingiz foydalanadigan ilova, brauzer va qurilmalarning Google xizmatlari bilan oʻzaro aloqasi, jumladan, IP manzili, nosozliklarga oid hisobot, tizimdagi faollik, Google resurslariga kirilgan sana, vaqt va unga qaysi URL orqali kirilgani haqidagi axborot ham qayd etiladi. Bunday axborot farzandingiz qurilmasidagi biror Google xizmati bizning serverlarimizga ulansa, masalan, Play Marketdan ilova yuklab olinsa olinadi.

  • Farzandingizning qurilmasidagi xatti-harakatlari

    Farzandingizga Google Play Marketdan ilovalar taklif qilish uchun sozlamalariga muvofiq uning Google xizmatlaridagi harakatlariga oid axborot toʻplanadi. Farzandingiz harakatlarni kuzatish sozlamalarini boshqarish parametrlarini tanlashingiz mumkin. Farzandingiz harakatlariga oid axborotga u qidiruvda ishlatgan kalit soʻzlar, tomosha qilgan videolari, ovozli buyruqlari, kim bilan suhbatlashgani yoki ulashgan kontenti haqidagi axborot va Google hisobi bilan sinxronlangan Google Chrome brauzeri tarixi kiradi. Farzandingiz chaqiruv amalga oshirish va qabul qilish, masalan, Google Meet yordamida xizmatlarimizdan foydalansa, biz telefon jurnali maʼlumotlarini olishimiz mumkin. Farzandingiz oʻz hisobi yoki profilida saqlangan harakat maʼlumotlarini topish va boshqarish uchun oʻz Google hisobiga tashrif buyurishi mumkin, shuningdek, siz farzandingizning Google hisobiga kirish yoki Family Link orqali uning profiliga kirish orqali uning faollik maʼlumotlarini boshqarishga yordam berishingiz mumkin.

  • Farzandingiz qurilmasining joylashuvi haqidagi axborot

    Farzandingiz oʻz qurilmasi orqali Google xizmatlaridan foydalanganida, uning qurilmasi joylashuvi haqidagi axborot qayd etiladi. Bunday axborot qurilmaning faol GPS funksiyasi, qurilma IP manzili, qurilmadagi sensorlar va yon-atrofidagi obyektlardan, masalan, Wi-Fi tarmoq, uyali tarmoq antennalari va Bluetooth funksiyasi yoqilgan qurilmalardan keladigan signallar orqali aniqlanadi. Biz oladigan joylashuv axboroti qisman sozlamalaringiz va farzandingiz qurilmalariga bogʻliq.

  • Farzandingizning ovozli buyruqlari va audio axboroti

    Farzandingizning ovozli buyruqlariga oid axborot ham olinishi mumkin. Masalan, farzandingiz ovozli xizmatni faollashtiruvchi buyruqlardan foydalansa (masalan, “OK, Google” yoki mikrofon belgisini bosish), ularning so‘roviga javob berish uchun quyidagi nutq/audio yozuvi qayta ishlanadi. Bundan tashqari, agar farzandingizning Veb va ilovalardagi faoliyat tarixi sozlamasi ostidagi Ovozli boshqaruv tarixi opsiyasi belgilangan bo‘lsa, uning hisobiga kirilgan qurilmada Assistent bilan ovozli aloqasi yozuvi (shuningdek, bir necha soniya oldin) uning hisobida saqlanishi mumkin.

Biz farzandingizning qurilmasidagi axborotni olish va saqlash uchun turli texnologiyalar, jumladan, cookie fayllar, piksel teglari, ichki xotira (masalan, brauzer xotirasi yoki ilovadagi kesh xotira), axborot bazasi va server jurnallaridan foydalanamiz. Farzandingiz shaxsiy hisobi yoki profili orqali Google mahsulotlari va xizmatlaridan foydalanish uchun roʻyxatdan oʻtganida undan faqat zarur va birlamchi axborot soʻraladi.

Google jamlaydigan axborotlardan nima maqsadda foydalanishi haqida

Google maxfiylik siyosatida farzandingizning Google hisobi yoki profili bilan bogʻliq holda Google toʻplaydigan maʼlumotlardan qanday foydalanishimiz mumkinligi batafsil bayon etilgan. Farzandingiz axborotlaridan asosan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi: xizmatlarni yetkazish, amalga oshirish va yaxshilash; yangi xizmatlar yaratish; xizmatlarni farzandingizga moslash; xizmatlar unumdorligini oshirish va foydalanuvchilar ulardan qanday foydalanishi haqidagi axborotni tahlil qilish; xizmatlar xavfsizligi va ishonchliligini oshirish.

Bu vazifalarni bajarish uchun Google axborotlarni turli texnologiyalar yordamida qayta ishlaydi. Google tizimlari farzandingiz foydalanayotgan kontentni yoki oʻzaro taʼsirni tahlil qiladi va u uchun qidiruv natijalarini maxsus tanlab namoyish etadi. Bundan tashqari, bu tizimlar farzandingiz Google xizmatlaridan qanday foydalanishi haqidagi axborotga asoslanib, u uchun tegishli funksiyalarni moslaydi. Bunday tahlillar spam, zararli dastur va noqonuniy narsalarni targʻib qiluvchi kontentni oʻz vaqtida aniqlash va ularga nisbatan chora koʻrish imkonini beradi. Bundan tashqari, biz axborot andozalarini aniqlash uchun muayyan algoritmlardan foydalanamiz. Masalan, Google xizmatlari shartlarini buzadigan spam, zararli dastur, noqonuniy narsalar/harakatlar targʻib qilingan kontent yoki boshqa qoidabuzarliklar aniqlansa, bu amallar ortida turgan shaxsning hisobi yoki profili bloklanadi yoki unga nisbatan boshqa choralar koʻriladi. Ayrim holatlarda bunday qoidabuzarliklar haqida huquq-tartibot organlariga xabar beriladi.

Farzandingiz sozlamalariga muvofiq, Google farzandingiz axborotlaridan unga tavsiyalar berish hamda moslangan kontent va qidiruv natijalarini namoyish etish uchun foydalanishi mumkin. Masalan, farzandingiz hisobi sozlamalari hamda uning Google Play Marketdan yuklab olgan ilovalari haqidagi axborotga asoslanib, unga yangi ilovalar taklif etilishi mumkin.

Bundan tashqari, farzandingiz sozlamalariga qarab, biz toʻplagan maʼlumotlarni xizmatlarimiz va farzandingiz qurilmalari orqali yuqorida tavsiflangan maqsadlarda birlashtirishimiz mumkin. Biz Google xizmatlarining unumdorligini oshirish maqsadida farzandingiz hisobi yoki profili sozlamalariga asoslanib, uning turli saytlar va ilovalardagi harakatlarini shaxsiy axborotiga ulashimiz mumkin.

Google farzandingizga moslashtirilgan reklamalarni chiqarmaydi, yaʼni reklamalar farzandingiz hisobi yoki profilidagi maʼlumotlarga asoslanmaydi. Unga namoyish etiladigan reklamalar u ochgan veb saytlar kontenti, qidiruv soʻrovlari yoki joylashuviga (yashaydigan shahri yoki mamlakatiga) asoslanishi mumkin. Farzandingiz internetni kezganida yoki tashqi ilovalardan foydalanganida Google kompaniyasiga aloqasi bo‘lmagan mustaqil reklama beruvchilar reklamalariga duch kelishi mumkin.

Farzandingiz nimalarni ulashishi mumkin

Farzandingiz shaxsiy Google hisobi yoki profili orqali surat, audio, video va joylashuv axborotini ommaga yoki muayyan shaxslarga ulashishi mumkin. Begonalar uning ochiq manbalarga ulashgan axborotlarini Google qidiruv natijalarida koʻra oladi.

Google ulashadigan axborotlar

Biz jamlaydigan axborot kamdan-kam holatlarda tashqi manbalarga ulashiladi. Google kompaniyasi foydalanuvchi shaxsiy axborotini faqat quyidagi holatlarda tashqi kompaniya, tashkilot va shaxslarga ulashishi mumkin:

Rozilik asosida

Foydalanuvchi shaxsiy axboroti faqat uning roziligi asosida hamda muayyan vaziyatdan kelib chiqqan holda tashqariga ulashiladi.

Axborot oilaviy guruhingizga ulashiladi

Farzandingiz shaxsiy axboroti, jumladan, uning ismi, rasmi, email manzili va Play Marketdan qilgan xaridlariga oid axborot Google oilaviy guruhingiz ishtirokchilariga ulashilishi mumkin.

Axborot tashqaridan qayta ishlanadi

Biz shaxsiy maʼlumotlarni oʻz koʻrsatmalarimiz asosida hamda ushbu Maxfiylik eslatmasi, Google maxfiylik siyosati va boshqa tegishli maxfiylik va xavfsizlik choralariga muvofiq, oʻz filiallarimiz yoki boshqa ishonchli korxonalar yoki shaxslarga ularni qayta ishlashlari uchun taqdim etamiz.

Qonun talablarini bajarish uchun

Google foydalanuvchi shaxsiy axborotiga Google kompaniyasiga aloqasi boʻlmagan yuridik va jismoniy shaxslarning kirishi, ulardan foydalanishi, ularni saqlashi yoki oshkor qilishiga faqat quyidagi holatlarda ruxsat beradi:

  • qonun, tartib-qoidalar va sud qarori talablari yoki davlat tashkilotining so‘rov asosidagi majburiy talablarini bajarish;

  • amaldagi Xizmat shartlarining bajarilishini taʼminlash va bajarish vaqtida yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarliklarni tekshirish;

  • firibgarlik, xavfsizlik yoki texnik muammolarni aniqlash, oldini olish yoki ularga nisbatan boshqa choralarni koʻrish.

  • qonun talablariga koʻra Google kompaniyasi hamda Google yoki boshqa foydalanuvchilar haq-huquqlariga, mulklariga yoki xavfsizliklariga zarar yetkazishdan himoya qilish.

Bundan tashqari, Google maʼlumotlaringizni anonim tarzda ommaga yoki oʻz hamkorlariga, jumladan, noshirlar, reklama beruvchilar, dasturchilar yoki mualliflarga ulashishi mumkin. Masalan, ommalashib borayotgan Google xizmatlari haqidagi axborot ommaga ulashiladi. Google muayyan hamkorlariga shaxsiy cookie fayllari yoki oʻxshash texnologiyalardan foydalanib, foydalanuvchi brauzeri yoki qurilmasidagi axborotni reklama yoki tahlil maqsadlarida jamlashiga ruxsat beradi.

Farzandingiz shaxsiy axborotiga kirish

Farzandingiz uchun Google hisobi yaratgan boʻlsangiz, uning hisobiga kirib, axborotlarini koʻrishingiz, yangilashingiz, olib tashlashingiz, eksport qilishingiz yoki qayta ishlanishini cheklashingiz mumkin. Agar farzandingiz parolini unutsangiz, uni Family Link ilovasi yoki vebda Family Link sozlamalari orqali tiklashingiz mumkin. Hisobga kirganingizdan keyin, farzandingizning maxfiylik sozlamalari va maʼlumotlarini boshqarishga yordam berish uchun Google maxfiylik siyosatida tasvirlangan turli boshqaruv vositalaridan, masalan, Google harakatlarni kuzatish vositalaridan foydalanishingiz mumkin.

Agar farzandingizda profil bor boʻlsa, Family Link ilovasi yoki vebda Family Link sozlamalari orqali axborotlarini koʻrishingiz, yangilashingiz, olib tashlashingiz, eksport qilishingiz yoki qayta ishlanishini cheklashingiz mumkin.

Farzandingiz avvalgi harakatlarini “Harakatlarim” ruknidan oʻchirib tashlashi mumkin. Ilovalar uchun ruxsatlar (jumladan, qurilma joylashuvi, mikrofon yoki kontaktlarga) tashqi xizmatlarga standart holatda taqdim etiladi. Farzandingiz Google hisobi yoki profili maʼlumotlarini tahrirlash yoki oʻzgartirish, ilova uchun ruxsatlar va ilovalardagi faoliyatini tekshirish hamda uning ilovalarga muayyan ruxsatlarni (jumladan, qurilma joylashuvi, mikrofon yoki kontaktlarga) taqdim etishini cheklash uchun Familiy Link xizmatidan foydalaning.

Agar istalgan vaqtda farzandingiz haqidagi maʼlumotlar toʻplanishini yoki undan foydalanilishini toʻxtatmoqchi boʻlsangiz, farzandingizning hisobi yoki Family Link ilovasidagi yoki vebda Family Link sozlamalaridagi Profil maʼlumotlari sahifasidagi “Hisobni oʻchirish” yoki “Profilni oʻchirish” tugmasini bosish orqali farzandingizning Google hisobi yoki profilini oʻchirib tashlashingiz mumkin. Farzandingizning hisobi yoki profili maʼlumotlari tegishli vaqt ichida butunlay oʻchirib tashlanadi.

Biz bilan aloqa

Farzandingiz Google hisobi yoki profili yuzasidan savollaringiz bo‘lsa, bizga murojaat qiling. Sizga yordam berish uchun shu yerdamiz. Family Link hamda farzandingiz Google hisobi yoki profili haqida yordam markazi orqali qoʻshimcha axborot topishingiz mumkin. Shuningdek, Family Link ilovasi ichida Family Link yoki farzandingiz Google hisobi yoki profili haqida fikr-mulohazangizni Menyu ☰ > Yordam va fikr-mulohaza > Fikr-mulohaza yuborish orqali yoki bizga email orqali murojaat qilish yoki quyidagi manzil orqali yuborishingiz mumkin.

Google
1600 Amphitheatre Parkway
Mountain View, CA 94043 USA
Phone: +1 855 696 1131 (USA)
Boshqa mamlakatlar uchun g.co/FamilyLink/Contact sahifasiga kiring

Agar Google qanday qilib farzandingiz maʼlumotlarini toʻplashi va ulardan foydalanishi haqida savollaringiz boʻlsa, Google va axborot xavfsizligi mutaxassisi bilan bogʻlanishingiz mumkin. Haq-huquqlaringizga oid savollaringiz boʻlsa, mamlakatingizdagi axborot muhofazasi yuzasidan faoliyat koʻrsatuvchi tashkilotlarga murojaat qiling.

13 yoshdan kichik (yoki mamlakatingizda belgilangan muayyan yoshdagi) bolalar axborotini oshkor qilmaslikka oid Family Link bayonnomasi bilan tanishib chiqing

Google ilovalari
Asosiy menyu